Pekinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston: barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida” kitobining xitoy tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarga davlat rahbarining 2021–2025-yillardagi 55 ta nutqi, maqolasi va intervyusi kiritilgan. Kitob Xitoyning “Jenmin” nashriyotida chop etildi.

Taqdimotni O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev ochib berdi. Tadbirda prezident maslahatchisi Olimjon Davlatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin, Targ‘ibot bo‘limi mudiri o‘rinbosari Xon Dayon, Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyati, ilmiy doiralar va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Kitob taqdimotida qanday fikrlar bildirildi?
Lyu Xaysin nashrni ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim voqea deb baholadi. Uning aytishicha, kitob xitoylik o‘quvchilarga O‘zbekistondagi islohotlar, mamlakat tashqi siyosati va mintaqaviy hamkorlik tashabbuslarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Xon Dayon asar O‘zbekistonning milliy sharoitiga mos taraqqiyot yo‘li hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mazmunini o‘rganishda foydali manba bo‘lishini ta’kidladi. Uning fikricha, davlat rahbarlari asarlarini tarjima qilish va tarqatish ikki xalq o‘rtasidagi muloqot hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Pan Dapen ham kitobning mamlakatni o‘rganishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi.
“Bir mamlakatni tushunishning eng bevosita yo‘llaridan biri — uning rahbari yozganlarini o‘qish. Ular nafaqat siyosatni, balki milliy yo‘l tanlovining mantig‘ini ham ochib beradi”, — dedi u.
Nashrda nimalar yoritilgan?
Sakkiz bobdan iborat kitob O‘zbekistondagi islohotlar, BMT va SHHT doirasidagi hamkorlik, Markaziy Osiyo, global barqaror taraqqiyot hamda mintaqaviy bog‘liqlik masalalarini qamrab olgan.
Shuningdek, unda prezidentning BMT, SHHT va “Markaziy Osiyo — Xitoy” sammitlaridagi chiqishlari jamlangan. Xitoy matbuoti ma’lumotiga ko‘ra, kitob nusxalari mamlakatdagi davlat idoralari, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy-tadqiqot markazlariga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda Xitoy raisi Si Szinpinning “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” kitobiga Shavkat Mirziyoyev “Haqiqiy Xitoy mo‘jizasi” sarlavhali so‘zboshi yozgan edi.
2027-yil 2-yanvarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Kitob taqdimoti ikki mamlakat o‘rtasidagi davlat boshqaruvi va taraqqiyot tajribasi almashinuvi, shuningdek, ilmiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish doirasida o‘tkazildi.