Parlament quyi palatasi majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish hamda ijro ishi yuritish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruza qilgan deputat Anvarxon Temirovning aytishicha, bugungi kunda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilini kamaytirish, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning minimal turmush darajasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini tizimlashtirish hamda takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromadni o‘rnatish, davlat ijrochilari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq majburiy ijro harakatlarini amalga oshirishda mobil videokuzatuv vositalaridan foydalanishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda inson omilining kamayishiga, majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish hamda odil sudlov samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.