Samarqand 2025 yilning 4 aprel kuni dunyoga butunlay o‘zgacha maqomda – zamonaviy jahon diplomatiyasi markazi sifatida namoyon bo‘ldi. Shu kuni Prezidentimiz raisligida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso hamda Yevropa investitsiya banki rahbariyati ishtirok etdi. Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, innovatsiyalar, «yashil» energetika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniyat, turizm, fan, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda faol almashinuvlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu voqeani Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen shunday ta’rifladi:
– O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari Yevropa uchun ishonchli hamkorlar. Bizni ko‘p yillik do‘stlik bog‘lab turadi, munosabatlarimiz faol savdo-sotiq, g‘oya va innovatsiya almashinuviga asoslangan. Bu yaqin va strategik hamkorlikning mustahkam poydevoridir. Markaziy Osiyo bilan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi aloqalar shuni anglatadiki, biz bir-birimizga ishonch bilan suyana olamiz. Bugungi dunyoda esa bunday hamkorlik har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Darhaqiqat, bir paytlar xalqaro jarayonni ehtiyotkorlik bilan kuzatgan O‘zbekiston bugun mana shunday keng qamrovli muloqot maydoniga aylandi. Bu shunchaki tasodif yoki vaziyatlar uyg‘unligi emas, bu ayni Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan, chuqur o‘ylangan shijoatli siyosatning tabiiy natijasidir. Prezident bir necha yil ichida O‘zbekistonni jahon sahnasida yorqin, e’tiborli ijrochiga aylantira oldi. Davlatimiz rahbarining yangi diplomatik ta’limoti uch aniq tamoyil – ochiqlik, pragmatizm va ko‘p qirralikka asoslangan.
Ochiqlik – o‘zaro hurmat va hamkorlik g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydigan har qanday sherik bilan muloqotga tayyorlik.
Pragmatizm – samarasiz bayonot yoki cheksiz bahsdan qochib, aniq natijaga e’tibor qaratish qobiliyati.
Ko‘p qirralik – diplomatik muvozanat san’ati. Bu jarayonda O‘zbekiston turli manfaatlarni muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirib, bir vaqtning o‘zida ham Sharq, ham G‘arb, yetakchi davlatlar va mintaqaviy hamkorlar bilan ishonchli munosabat o‘rnatmoqda.
Bugun O‘zbekistonning ovozi BMT, YUNESKO, SHHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlarida alohida hurmat, e’tibor bilan yangramoqda. Davlatlar va yirik xalqaro birlashmalar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevning xizmatlarini oshkora e’tirof etib, O‘zbekiston mintaqani barqarorlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, insonparvarlik muammolarini hal etish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlamoqda.
Prezident Mirziyoyev boshchiligidagi zamonaviy o‘zbek diplomatiyasi global tahdidlar davrida muvaffaqiyat kaliti yakkalanish emas, ishtirok, qarama-qarshilik emas, muloqot, ziddiyat emas, hamkorlik ekanini isbotlamoqda. Aynan shu aniq va izchil pozitsiya, davlat rahbarining shaxsiy qat’iyati va diplomatik donoligi tufayli O‘zbekiston bugun global diplomatiyaning yangi hodisasi maqomini mustahkam egalladi. Endilikda u haqda gapirishadi, uning fikrlariga quloq tutishadi, u bilan birga oldinga borishga tayyor turishadi.
Toshkent so‘nggi uch yilda BMT Bosh Assambleyasining o‘nta maxsus rezolyutsiyasi tashabbuskori bo‘ldi – Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar hududi sifatida e’tirof etishdan tortib Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi dasturini qabul qilishgacha. O‘zbekiston mintaqada birinchi bo‘lib Parlamentlararo Ittifoqning 150 Assambleyasiga mezbonlik qildi, “UN Public Service – 2025” forumini o‘tkazdi va YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Iqtisodiyotda “qo‘l berilib” tuzilgan bitimlar tez orada milliardlab dollarlik investitsiyalarga aylanmoqda: “Fitch” suveren reytingni BB darajasiga ko‘tardi, ETTB portfeli rekord darajadagi 5 milliard yevroga yetdi, Toshkentning “yashil” obligatsiyalari esa uch barobar ortiq talab bilan sotilmoqda. Yevrosiyo xaritasida yangi yo‘laklar – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va Hind okeaniga tutashadigan Transafg‘on yo‘nalishi paydo bo‘lmoqda. Energetika sohasida 1,5 GVt quvvatli “ACWA Rowyer” shamol elektr stansiyasi va har bir yangi binoda majburiy quyosh energiyasi ishlab chiqarish tizimlari bunyod etilmoqda.
Asosiy boylik xalq va qo‘shnilar ishonchi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari “Abadiy do‘stlik” to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasini imzolar ekan, Toshkent yaxshi qo‘shnichilikni amaliy qadriyatga aylantira olganini tasdiqlashdi. Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning barcha besh davlati rahbarlari bir dasturxon atrofida o‘tirishi, Mirziyoyev taklif qilgan “yumshoq chegaralar va qat’iy kafolat” g‘oyasi amaliy siyosiy modelga aylanganini ko‘rsatadi. Aynan shu sababli bugun turli poytaxtlarning diplomatik ovozlariga quloq tutib, yagona, ishonchli fikrni eshitish mumkin: O‘zbekiston – qit’alar va madaniyatlar o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik, kelajakni birga qurish mumkin bo‘lgan hamkor.
Yangi diplomatik yo‘nalish
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan zamonaviy diplomatik yo‘nalish bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan murakkab jarayonlarga nisbatan vazmin va amaliy yondashuv namunasi sifatida qabul qilinmoqda. Yangi tashqi siyosat doktrinasi asosida mutlaq ochiqlik tamoyili mujassam. Toshkent o‘z eshiklari dunyoning har qanday davlati bilan teng huquqli va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot uchun ochiqligini aniq ko‘rsatdi. Bunday diplomatik falsafa mamlakatga moslashuvchan bo‘lish, xalqaro muammolarga tezkor javob berish va ayni payt o‘z milliy manfaatini himoya qilishda barqarorlik va mustaqillikni saqlab qolish imkonini bermoqda.
Pragmatizm O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim ustuni hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev diplomatiya balandparvoz bayonotda emas, balki fuqarolar va davlatga aniq foyda keltiradigan amaliy ishda namoyon bo‘lishi kerakligini doim ta’kidlagan. Bunday yondashuv mamlakatga so‘zni amalga, kelishuvni real natijaga aylantira oladigan ishonchli hamkorga xos mustahkam obro‘ keltirdi. Bugungi kunda aynan shunday pragmatizm Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerika qit’asidan sarmoyador va hamkorlarni jalb etib, O‘zbekistonni global hamkorlik jadal rivojlanayotgan maydonga aylantirdi.
O‘zbekiston diplomatik strategiyasidagi yana bir asosiy element – manfaatlar muvozanati. Prezident mamlakat keraksiz ziddiyatlardan qochib, bloklar siyosatiga aralashmasdan, ko‘p qirrali munosabatlar o‘rnatishga intilayotganini bir necha bor bildirgan. Shavkat Mirziyoyev fikricha, “bugun devorlar va to‘siqlar davri emas, balki o‘zaro tushunish ko‘priklari va yo‘llari zamoni”. U BMT Bosh Assambleyasida ayni nuqtai nazarni aniq ifoda etib, “zamonaviy xalqaro muammolarni kuch va tazyiq bilan yengib bo‘lmaydi, bu jarayon diplomatik sabr-toqat, xalqaro huquqni hurmat qilish va muloqot madaniyatini talab etadi”, deya ta’kidlagan edi.
Davlatimiz tanlagan muzokara uslubi allaqachon dunyo bo‘ylab e’tirof etilmoqda. Bu – vazmin va bosiq muloqot usuli, suhbatdoshni diqqat bilan tinglashga tayyorlik va raqib nuqtai nazarini hisobga olish. Aynan shunday yondashuv eng murakkab vaziyatlarda ham, xoh bahsli chegara masalasi, xoh suv-energetika muammosi yoki xalqaro mojaro bo‘lsin, kelishuv yo‘lini topish imkonini beradi.
– Diplomatiya allaqachon yuzaga kelgan inqirozni hal qilish emas, balki vaziyatning oldini olish uchun ishlashi kerak, – deydi Shavkat Mirziyoyev. – Haqiqiy diplomatiya – boshqalar muammoni ko‘rgan joyda yechimni ko‘ra bilish va ular yopiq deb hisoblagan joyda eshiklarni ocha olish qobiliyatidir.
Bugungi kunda aynan shunday uslub tufayli o‘zbek diplomatiyasi tinchlik va hamjihatlik vositasiga aylanib, mintaqani barqarorlashtirish, turli mamlakatlar hamda xalqlarning umumiy maqsadga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatini birlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu namuna XXI asrda diplomatiya faqat muzokara davrasida bir-biriga peshvoz chiqish va barqaror tinchlik hamda farovonlik yo‘lini birgalikda izlashga tayyor teng huquqli sheriklar o‘tirgandagina samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Markaziy Osiyo: hamkorlikning yangi davri
Shavkat Mirziyoyevning “diplomatik inqilob”i O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish belgilab berdi. Bu jarayonning ilk jiddiy natijasi Markaziy Osiyoning konstruktiv sheriklik formatiga dadil o‘tishida aks etdi. Bu borada aynan Toshkent jalb etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ldi. O‘zbekistonning faol pozitsiyasi tufayli mintaqa Prezidentlarining maslahat uchrashuvlari bir martalik ezgu niyat ishorasidan muntazam ishlaydigan mexanizmga aylandi. AQSH ishtirokidagi C5+1 formati esa muloqotga qo‘shimcha tayanch berdi – so‘nggi ikki sammit davomida yuklar uchun “yashil” yo‘lak kelishildi, tarif siyosatining umumiy tamoyili ishlab chiqildi. Nyu-Yorkda yagona to‘lov va logistika tizimi uchun imkoniyat yaratadigan raqamli integratsiya bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Amerika tomoni bunga javoban DFC va USAID kredit liniyalarini milliard dollargacha oshirishini e’lon qildi. Eng muhimi – diplomatik konsensus mustahkamlandi.
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari tomonidan 2025 yil 31 martda imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi o‘zaro ishonchning eng yorqin ramzidir. Hujjat nafaqat uch chegaraning yakuniy “tutash nuqtasi”ni qonuniy jihatdan belgilab berdi, balki kelajakdagi barcha kelishmovchiliklarni faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara yo‘li bilan hal etish majburiyatini ham o‘rnatdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi buni “mintaqaviy yarashuvning tarixiy bosqichi” deb atadi, BMT Xavfsizlik Kengashi esa deklaratsiyani “preventiv (oldini oluvchi) diplomatiya namunasi” sifatida olqishladi. Ratifikatsiyadan so‘ng darhol uch chegara o‘tish manzili orqali harakat tiklandi. Shundan keyingi yarim yillik natijaga ko‘ra, uch mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 27 foiz o‘sdi. Yaqinda “qog‘ozda qoladigan” deb hisoblangan mega loyihalar yaqinlashuvning infratuzilmaviy asosini shakllantirmoqda. 2024 yil iyun oyida Pekin, Bishkek va Toshkent Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li yo‘nalishini uzil-kesil tasdiqladi, Norin darasida qurilish-qidiruv ishlari boshlandi. Janubda O‘zbekiston va Afg‘oniston Markaziy Osiyoni ilk bor Arabiston dengizi portlari bilan eng qisqa quruqlik yo‘li orqali bog‘laydigan Mozori Sharif – Qobul – Peshovar transafg‘on yo‘lagining texnik-iqtisodiy parametrlarini kelishib oldi. Har ikki magistral Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, yuk tashish salohiyati yiliga 20 million tonnadan ortiq, deya baholanmoqda.
Mintaqa uchun an’anaviy ravishda eng dolzarb hisoblangan suv va energetika sohasidagi natijalar ham e’tiborga loyiq. 2025 yil yanvar oyida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika vazirlari Jahon banki vositachiligida suv chiqarish jadvalini qishda tekis hududlarga elektr energiyasi yetkazib berish bilan bog‘lagan holda, 1,9 GVt quvvatga ega Qambarota GES-1ni birgalikda moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshonda 140 megavattli Yovon GESini qurmoqda – bu quyi oqimdagi davlat yuqori oqimdagi qo‘shnisi gidroenergetikasiga sarmoya kiritgan birinchi holat. Shu bilan birga Dushanbe CAPS birlashgan energiya tizimiga ulanmoqda, besh respublika bosh vazir o‘rinbosarlari mavsumlararo taqchillikni yumshatadigan “suv o‘rniga energiya” tamoyili bo‘yicha kelishib oldi. Shu tariqa o‘n yildan kam vaqt ichida Markaziy Osiyo tarqoq davlatlar arxipelagidan bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiy-transport ekotizimiga aylandi. Temir yo‘llar, qo‘shma GESlar, ochiq chegaralar va yagona tarif siyosati yangi voqelikni shakllantirmoqda. Bunda har bir tomon jamoaviy barqarorlikdan manfaatdor. Va har bir muhim voqeada – xoh Xo‘jand bitimi, xoh Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston loyihasi yoki Qambarota to‘g‘oni bo‘lsin, o‘zbek diplomatiyasining o‘rni seziladi.