ChatGPT neyrotarmog‘i mashhur Shazam xizmati orqali musiqalarni aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda OpenAI chat boti tarkibidagi mini ilovalar katalogiga yangi servis qo‘shilgani ma’lum qilindi.

Lil

Endilikda foydalanuvchilar atrofda yangrayotgan qo‘shiqni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ChatGPT bilan muloqot jarayonida aniqlashi mumkin. Buning uchun botga “Shazam, hozir qaysi musiqa yangrayapti?” yoki “Shazam, bu qanday qo‘shiq?” kabi so‘rov yuborish kifoya. So‘rov Shazam so‘zi yoki /shazam buyrug‘i bilan boshlanishi lozim.

Tizim matnli va ovozli so‘rovlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ovoz orqali aniqlash uchun mikrofonni yoqish talab etiladi.

Qidiruv natijasida foydalanuvchiga qo‘shiq nomi, ijrochi, albom muqovasi va qidiruv statistikasi aks etgan maxsus kartochka taqdim etiladi. Topilgan trekni darhol tinglash yoki Shazam kutubxonasiga saqlash mumkin.

Shuningdek, ChatGPT aniqlangan qo‘shiqlar asosida Apple Music platformasida shaxsiy pleylist tuzish imkonini ham beradi.

Xizmatni faollashtirish uchun bot menyusidagi “Ilovalar” (Apps) bo‘limiga o‘tib, Shazamni tanlash va “Ulash” (Connect) tugmasini bosish kifoya. Agar topilgan qo‘shiqlarni shaxsiy kutubxonaga saqlamoqchi bo‘lsangiz, profilingizga kirishingiz kerak bo‘ladi.

Qayd etilishicha, ushbu funksiya ChatGPTning iOS, Android va veb versiyalarida barcha foydalanuvchilar uchun bepul taqdim etilgan.