Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazida jahon darajasidagi hujayra texnologiyalari markazi tashkil etiladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Markaz Biome loyihasi doirasida tashkil etiladi. Uni amalga oshirish uchun zarur ilmiy va texnologik baza allaqachon shakllantirilgan. Xususan, markazda O‘zbekistondagi birinchi ildiz hujayralar banki faoliyat yuritib, unda 1 200 dan ortiq namuna saqlanmoqda.
Hozirning o‘zida markazda yaratilgan hujayra mahsulotlaridan kuyish jarohatlarini davolash, to‘qimalarni tiklash, yuz-jag‘ jarrohligi va oftalmologiyada foydalanilmoqda. Shuningdek, onkologik kasalliklarga qarshi kurashish uchun NK-hujayralar asosida preparat yaratilgan va uni amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Loyihani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Seulda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya prezidenti Li Je Myong huzurida milliy genomika va biobank markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolangan.
“Bizning maqsadimiz – O‘zbekistonni ilg‘or ishlanmalar yaratiladigan, ishlab chiqariladigan va bemorlarni davolashda qo‘llanadigan hujayra texnologiyalari va hujayra terapiyasining jahon markazlaridan biriga aylantirish”, deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.
Markazning yana bir asosiy yo‘nalishi “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi bo‘ladi. Loyiha doirasida 1 200 dan ortiq ishtirokchiga oid qariyb 10 mln genetik marker to‘plangan. Ushbu ma’lumotlar mamlakat aholisining genetik xaritasini yaratish, irsiy xususiyatlarni o‘rganish, kasalliklar xavfini oldindan baholash va shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish uchun foydalaniladi.
Shu tariqa, Biome doirasida hujayra texnologiyalari, genom tadqiqotlari va klinik tibbiyot yo‘nalishlari birlashtiriladi. Markaz ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni yagona infratuzilma asosida rivojlantirish imkonini beradi.
Biome hujayra va ilmiy g‘oyadan boshlab, tayyor hujayra mahsulotini ishlab chiqarish hamda uni klinikada qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan yagona texnologik platforma sifatida tashkil etiladi.