“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun Senatning 13-yalpi majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

вв

Majlisda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar tomonidan yaratilayotgan dasturiy mahsulot va raqamli kontent xorijiy buyurtmachilarga asosan xalqaro elektron platformalar orqali sotilmoqda. Biroq Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi yirik platformalarda to‘lovlar faqat PayPal tizimi orqali amalga oshirilishi, PayPal esa O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari bilan to‘liq ishlamasligi sababli frilanserlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Mazkur holat amaldagi qonunchilikda shaxsga doir ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi bilan izohlanadi. Natijada ayrim xalqaro to‘lov tizimlarining mamlakat bozoriga kirishi cheklanib kelayotgandi.

Senat matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ushbu muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Xususan, xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining O‘zbekistonda faoliyat yuritishini yengillashtirish, fintex va elektron tijoratni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot sur’atlarini oshirish hamda frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, chet ellik sayyohlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish ham asosiy maqsadlardan biri sifatida qayd etildi.

Qonunga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlarning faqat ayrim toifalari — biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart bo‘ladi. Boshqa turdagi ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun esa aniq axborot xavfsizligi talablari joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Senatorlar mazkur qonun elektron tijorat sohasida huquqiy bazani takomillashtirishga, tadbirkorlar va aholiga xalqaro internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, PayPal va UniPay kabi xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasini yuklagan edi. 2026-yil 20-yanvarda esa mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.