AQSHning Realbotix startapi Echo turkumidagi Aria, Mila, Dave va Amar nomli odamga o‘xshash robotlariga oldindan buyurtma qabul qilishni boshladi. Robotlarning stol ustiga qo‘yiladigan modeli 11 950 dollar, to‘liq o‘lchamli versiyasi esa 59 950 dollar turadi.
Kompaniya robotlarni arzonlashtirish maqsadida ularning ayrim modellarini faqat yuqori qismi bilan ishlab chiqaradi. Bunday qurilmalarda qo‘l va oyoqlar bo‘lmaydi, biroq odamga o‘xshash yuz va soch turmagi saqlanadi. To‘liq o‘lchamli model esa oyoqlarga ega.
Har bir robotga alohida xarakter berilgan. Aria qiziquvchan va ijobiy, Mila mehribon va hamdard, Dave tahlil qilishga moyil va hazilkash, Amar esa o‘ziga ishongan va mas’uliyatli sifatida ta’riflangan.
Robotlarning boshi va yuzi harakatlana oladi. Ularning tizimiga ChatGPT, Claude va Gemini sun’iy intellekt xizmatlari integratsiya qilingan. Kompaniya dasturiy ta’minotning boshqa tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Robotdan foydalanish uchun oylik obuna ham talab etiladi. 19,99 dollarlik tarif oyiga 10 soat, 39,99 dollarlik tarif 40 soat, 199 dollarlik tarif esa 100 soat suhbatlashish imkonini beradi. Eng qimmat tarif foydalanuvchiga o‘z sun’iy intellekt qahramonini yaratish imkonini ham beradi. Obunasiz robot faqat qo‘g‘irchoq vazifasini bajaradi.
Oldindan buyurtma uchun 199 dollar avans to‘lash kerak. Echo turkumidagi robotlar 2027-yil yanvarida Las Vegasda o‘tkaziladigan CES ko‘rgazmasida namoyish etiladi. Kompaniya kelasi yili 225 ta stolusti va 25 ta to‘liq o‘lchamli robot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Stolusti modellari 2027-yilning ikkinchi yarmida yetkazib beriladi. Hozircha buyurtmalar faqat AQSHda qabul qilinmoqda.
Realbotix vakillariga ko‘ra, robotlar insonlarning o‘rnini egallash uchun emas, ularga hamroh bo‘lish uchun yaratilgan. Kompaniya loyiha orqali zamonaviy jamiyatdagi yolg‘izlik muammosiga qarshi kurashishni ham maqsad qilgan.