Ayrim kompaniyalar sun’iy intellekt joriy etilishi ortidan qisqartirilgan xodimlarni qayta ishga olmoqda. Bunga texnologiyalar kutilgan natijani bermagani va ularni nazorat qilish uchun inson mehnati zarur bo‘layotgani sabab bo‘lmoqda. Associated Press bunday holatni “SI bumerang” deb atamoqda.

Hy

Xodimlarni qayta ishga olgan kompaniyalar qatorida Shvetsiyaning Klarna to‘lov xizmati ham bor. Kompaniya rahbari Sebastian Siemiatkovski xarajatlarni kamaytirish maqsadida chatbotga haddan tashqari ko‘p tayanilganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga xodimlarni qayta yollashni boshlagan.

Iyun oyida Ford ham sifat nazoratida qo‘llangan sun’iy intellekt vositalari kutilgan natijani bermagach, 350 nafar tajribali muhandisni qayta ishga olgani yoki yuqori lavozimlarga ko‘targanini ma’lum qilgan.

Qayta ishga olingan xodimlar yuqoriroq maosh va yaxshiroq mehnat sharoitlarini talab qilmoqda. Ularni sun’iy intellekt kelajakda kompaniyalardagi ish o‘rinlari soniga qanday ta’sir qilishi ham qiziqtirmoqda.

Kadrlar bilan ishlash bo‘yicha Robert Half kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim ish beruvchilar SI faoliyatini nazorat qilish zarurati sabab avval qisqartirilgan lavozimlarni qayta tiklagan. Bunda xodimlarning kompaniya faoliyati haqida yillar davomida to‘plagan bilimlarini sun’iy intellekt to‘liq o‘zlashtira olmasligi ham muhim omil bo‘lmoqda.

Robert Half vakili Bill Driskollning ta’kidlashicha, tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va hamkorlik qilish qobiliyati ham inson xodimlarning muhim ustunliklaridan hisoblanadi.

Forrester tahlilchisining fikricha, ish beruvchilar xodimlarning lavozim doirasidan tashqaridagi ko‘nikmalarini ham hisobga olishi kerak. Uning aytishicha, insonlar hamkasblarining kayfiyatini tushunishi, jamoada ishonch va hamjihatlikni saqlashi mumkin.

“Siz xodimlarni ishdan bo‘shatib, sun’iy intellekt odamlar qilgan ishlarni takrorlay olishini kutganingizda ko‘pincha xato qilasiz”, dedi tahlilchi.