Xitoyning BrainCo kompaniyasi inson miyasini rag‘batlantirish orqali ishtahani kamaytirishga mo‘ljallangan taqiladigan qurilma yaratmoqda. Kompaniya uni ozishga yordam beruvchi dorilarga muqobil vosita sifatida taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Mn

BrainCo hammuassisi Niks Xe London shahridagi texnologik konferensiyada qurilma “GLP-1 gormonining elektron versiyasi” tamoyili asosida ishlashini ma’lum qildi. Qurilma kimyoviy dori vositalari o‘rniga miya faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatish orqali ishtahani boshqarishga mo‘ljallangan.

Kompaniya yangi gadjetni yaqin 2–3 yil ichida bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Dastlab qurilma Xitoyda, keyinchalik AQSHda ham sotilishi mumkin.

BrainCo mahsulotning ikki xil turini ishlab chiqishni ko‘rib chiqmoqda. Ulardan biri shifokor nazorati ostida qo‘llanadigan tibbiy qurilma, ikkinchisi esa oddiy iste’molchilar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Qurilmaning aniq ishlash mexanizmi va samaradorligi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.

BrainCo nimalar bilan shug‘ullanadi?

Xanchjouda joylashgan BrainCo inson miyasi signallarini o‘qish, ularni qayta ishlash va miya faolligiga ta’sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan neyrointerfeyslar yaratadi.

Kompaniya autizm, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi hamda uyqusizlik bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan insonlar uchun bosh kiyim ko‘rinishidagi qurilmalarni ham ishlab chiqargan.

Bundan tashqari, BrainCo miya signallari orqali boshqariladigan bionik qo‘l protezlarini yaratadi. Bunday protezlar qo‘lidan ayrilgan insonlarga barmoqlar bilan nozik harakatlarni bajarish, jumladan, pianino chalish imkonini beradi.

Kompaniya odamsimon robotlar ishlab chiqaruvchilari uchun robotlashtirilgan qo‘l panjalarini ham yetkazib beradi.

BrainCo kelajakda jarrohlik amaliyotini talab qiladigan, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri inson miyasiga o‘rnatiladigan texnologiyalarni ham ishlab chiqishni ko‘rib chiqmoqda. Hozircha esa kompaniya asosan boshga taqib ishlatiladigan, jarrohlik aralashuvini talab qilmaydigan qurilmalarga e’tibor qaratmoqda.