Dobot Atom nomli robot nonushta tayyorlash, turli hajmdagi yuklarni tashish kabi murakkab vazifalarni uddalashga qodir.

Xitoyning Dobot startapi Atom nomli humanoid robot yordamchini taqdim etdi, deb xabar beradi Kyodo News.

Dobot robotning avtonom faoliyatiga oid bir nechta roliklar bilan bo‘lishdi. Unda Atom mustaqil nonushta tayyorlagani, choy quygani, katta hajmli qutilar va hujjatlar solingan papka kabi buyumlarni tashigani tasvirlangan.

Atom’ning o‘z raqobatchilaridan farqi robotning qo‘llarida — u 28 ta erkinlik darajasiga ega bo‘lib, 5 millimetr aniqlikda harakatlanadi, shu bois murakkab vazifalarni ham uddalashga qodir.

Shuningdek, robot to‘g‘ri tutilgan tizza bilan yurish orqali energiya sarfini 42 foizga kamaytiradi va turli xil releflarda silliq harakatlana oladi. Bundan tashqari, robotga ilg‘or hisoblash tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u odatdagi standartlardan 7,7 barobarga yuqori. Dobot Atom nostrukturaviy muhitga avtonom moslasha oladi.

Robot bo‘yining balandligi 153 santimetrni, og‘irligi esa 62 kilogrammni tashkil etadi.

Kompaniya 2025 yil o‘rtalaridan boshlab uni ommaviy ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirgan va Dobot Atom’ni 27,5 ming dollar evaziga oldindan buyurtma qilish mumkin.