Xitoyning Agibot kompaniyasi jangovar sahnalarda real insonlar bilan professional darajada bellasha oladigan Expedition A3 nomli odamsimon robotini taqdim etdi. Bu haqda Zakon.kz nashri xabar berdi.

Interesting Engineering yozishicha, mazkur gumanoid kung-fu san’atini hayratlanarli darajada mukammal egallagan. U baland sakrab, qo‘l va oyoqlarda shiddatli zarbalar berish, o‘z o‘qi atrofida aylanib kutilmagan zarbalar yo‘llash hamda murakkab akrobatik elementlarni yuqori aniqlikda bajarish qobiliyatiga ega.
Mutaxassislar robot ishtirokidagi jangovar videolarda uning muvozanatni saqlash, harakatlarni aniq muvofiqlashtirish va yuqori dinamikada ishlash imkoniyatlari yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Expedition A3 tashqi ko‘rinishi va harakatlari bilan haqiqiy insonga maksimal darajada o‘xshatib yaratilgan. Robotning beli o‘ta egiluvchan bo‘lib, inson tanasining harakat imkoniyatlarini takrorlay oladi. Oyoq qismida qo‘llangan yengil ekzoskelet konstruksiyasi esa turli vaziyatlarda barqaror turish va tezkor manyovrlar amalga oshirish imkonini beradi.
Qurilmaning mexanik qo‘llari uch kilogrammgacha bo‘lgan yukni ko‘tara oladi. Uning harakatlanish tezligi esa soniyasiga ikki metrgacha yetishi mumkin.
Gumanoidga o‘rnatilgan sun’iy intellekt modeli muloqotni soddalashtiradi — endi uni faollashtirish uchun maxsus kalit so‘zlar talab etilmaydi, robot bilan tabiiy suhbat tarzida muloqot qilish mumkin. Shuningdek, yelka qismiga yengil teginish orqali ham qurilmani ishchi holatga keltirish imkoni mavjud.
Mazkur texnologik ishlanmani joriy yil davomida seriyali ishlab chiqarish rejalashtirilgan.