Xitoyning Xubey provinsiyasida yashovchi 26 yoshli Sun Sinyuy “O‘rgimchak odam” filmidagi Yashil Goblin qurilmasiga o‘xshash uchar skeytbord yasadi. Ixtirochi uni yaratish uchun qariyb ikki oy sarflagan. Bu haqda International Business Times xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Sun o‘zi yasagan platformada havoga ko‘tarilib, bir joyda muallaq turgani va yerga qo‘nganini ko‘rish mumkin. Qurilma elektr dvigatellar yordamida tik ko‘tariladi va havoda harakatlanadi.
Dastlabki qurilma sinovda yonib ketgan
Sun avval reaktiv dvigatelli platforma yasagan, biroq sinov vaqtida qurilma yonib ketgan. Yong‘in uskunalarga zarar yetkazgach, ixtirochi loyihani qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lgan.
Keyinchalik u muammoni tahlil qilishda sun’iy intellektdan foydalanib, elektr dvigatelli yangi modelni yaratgan. Xabarlarga ko‘ra, takomillashtirilgan platformaga 10 ta elektr dvigatel o‘rnatilgan. U odamni yerdan uncha baland bo‘lmagan masofaga ko‘tara oladi.
Ixtirochi ochiq hududlarda sinov parvozlarini boshlashdan oldin 10 kundan ortiq vaqt davomida qurilmani boshqarishni mashq qilgan. Oktyabr oyidagi Xitoy milliy bayramlari paytida Badun atrofida, jumladan, Yanszi va Baren daryolari yaqinida parvozlarni sinovdan o‘tkazgan. U ikki daqiqada 300 metrdan ortiq masofani bosib o‘tgan.
Parvozni boshqarishda sun’iy intellektdan foydalaniladi
Sun qurilmani boshqarishga ko‘maklashuvchi sun’iy intellekt tizimini ham ishlab chiqqan. Mobil telefon orqali ishlaydigan tizim parvoz sharoitlarini baholaydi va foydalanuvchiga tanasini qanday tutish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Buning sababi platformaning muvozanati unda turgan odamning harakatlariga bevosita bog‘liqligidir.
Ixtiro internetda katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa-da, qurilmaning xavfsizligi va ishonchliligi bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda.
Sunning aytishicha, uchar skeytbordni kundalik transport vositasiga aylantirish uchun batareya quvvati, favqulodda vaziyatlarda ishlaydigan xavfsizlik tizimlari, qurilmaning mustahkamligi va foydalanuvchini himoyalash imkoniyatlarini takomillashtirish zarur.
Hozircha qurilmadan aholi yashaydigan joylar va suv havzalari yaqinida foydalanish taqiqlangani xabar qilingan.
Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, Xitoyning bir nechta yirik kompaniyasi mutaxassislari ixtiroga qiziqish bildirgan. Biroq qurilmaning amaliy foydalanishga qanchalik tayyor ekani va xavfsizlik masalalari qanday hal etilishi hozircha noma’lum.