2024 yilda 14 milliondan ortiq bola to‘liq emlanmagan, Yevropa va Markaziy Osiyoda esa emlash darajasi 1 foizdan ham oshmagan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va YuNICeF qo‘shma hisobotida mojarolar va gumanitar inqirozlar emlashdagi taraqqiyotga to‘siq bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Dunyodagi chaqaloqlarning chorak qismi zaiflik, mojaro yoki gumanitar inqirozlardan aziyat chekkan 26 mamlakatda yashaydi.
Qayd etilishicha, dunyodagi barcha emlanmagan bolalarning yarmidan ko‘pi to‘qqizta davlat, ya’ni Nigeriya, Hindiston, Sudan, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Indoneziya, Yaman, Afg‘oniston va Angola hissasiga to‘g‘ri keladi.
«Tashvishlanarlisi, ushbu mamlakatlardagi emlanmagan bolalar soni 2019 yildagi 3,6 milliondan 2024 yilda 5,4 milliongacha o‘sdi. Bu emlashni insonparvarlik choralariga integratsiya qilish zarurligini ko‘rsatmoqda», – deyiladi nashrda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, vaksinalar yiliga 3,5 milliondan 5 milliongacha o‘limning oldini oladi. JSST va YuNICeF keng tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlardan ogohlantirmoqda.
Tashkilotlar hukumatlar va hamkorlarni kambag‘al mamlakatlardagi bolalarni himoya qilish uchun mablag‘ni ko‘paytirishga, mojarolar sharoitida emlashni kuchaytirishga, noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashishga, ma’lumotlarni yig‘ish va nazorat qilish tizimlariga sarmoya kiritishga chaqirmoqda.