Andijon viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.

Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1984–1991 yillarda tug‘ilgan 6 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, Qirg‘iziston fuqarosidan 2 kilogramm “gashish” moddasi sotib olishga kelgan. Ular bu maqsadda 1950 AQSH dollarini boshlang‘ich to‘lov sifatida yetkazib bergan.
So‘ngra giyohvandlik vositasi kontrabanda yo‘li bilan davlat chegarasidan o‘tkazilib, Xonobod shahridagi yashirin joyda qoldirilgan. Uni olishga borgan qo‘rg‘ontepalik shaxs DXX xodimlari tomonidan Xonobod–Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishida avtomashinasida qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruhning qolgan 5 nafar a’zosi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, “gashish”ning sof og‘irligi 1 kilogramm 954 grammni tashkil qilgan.
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.