2026-yilda Fargʻona viloyatida 33 ta maktabni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 343 milliard soʻm ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari ishtirokidagi yigʻilishda aholi soni oʻsishiga mos ravishda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Hudud rahbarlariga qoʻshimcha resurslarni safarbar etish va xususiy sektorni faol jalb qilish orqali infratuzilmani yaxshilash vazifasi yuklatildi.

Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida meva-sabzavotni xomashyo sifatida emas, balki tayyor mahsulot ko‘rinishida eksport qilish orqali tashqi savdo hajmini 510 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda Fargʻona va Quvasoy shaharlarida xitoylik investorlar ishtirokida 175 million dollarlik agrologistika markazlari barpo etiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston, Beshariq va Oltiariq tumanlarida chorvachilik, sutni qayta ishlash hamda naslli joʻja yetishtirish boʻyicha 21 million dollarlik 4 ta loyiha ishga tushiriladi.

Turizm sohasida Soʻx tumanida Ugam va Miraki tajribasi asosida turizm majmualari tashkil etish, Fargʻona tumanida yirik turistik-rekreatsion hudud barpo qilish rejalashtirilgan. Qoʻqon shahrida esa yangi turizm maskanlari yaratiladi va madaniy meros obyektlari boʻylab sayohat yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, Qoʻqonda 17 ta davlat idorasini “Yangi Oʻzbekiston” massiviga koʻchirish orqali aholiga barcha davlat xizmatlarini bir joyda taqdim etuvchi tizimni shakllantirish vazifasi belgilandi.

Axborot texnologiyalari Fargʻona viloyati iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri sifatida belgilandi. Hozirda hududda 139 ta IT-park rezidenti faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda IT xizmatlari hajmini 3,5 trillion soʻmga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Fargʻona shahrida yangi IT-park va majmua, Margʻilonda xalqaro IT oliygohi, shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yigʻilish yakunida prezident barcha loyihalar aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidlab, ijro uchun mas’ullarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.