Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda uyda yakka tartibda ta’lim oladigan o‘quvchilarga dars berayotgan pedagoglarga yangi tartib asosida yo‘l kompensatsiyasi to‘lanadi.

Unga ko‘ra, bir xil yoshdagi va bir manzilda yashovchi 2 yoki undan ortiq o‘quvchini uyda o‘qitayotgan o‘qituvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida oylik kompensatsiya ajratiladi. Buning uchun o‘quvchining yashash joyi maktabdan kamida 1,5 km uzoqlikda bo‘lishi shart.
Bir o‘quvchiga bir nechta pedagog biriktirilgan hollarda kompensatsiya ularga har oyda amalda o‘tilgan dars soatlariga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
Shuningdek, hujjatga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachi va tibbiyot hamshirasi vaqtincha ishda bo‘lmagan davrlarda ularning vazifalarini bajarish ichki buyruq asosida o‘rindoshlik tartibida rasmiylashtiriladi. Bu holda bajarilgan ish uchun 100 foiz, boshqa lavozimlar bo‘yicha esa 50 foiz miqdorida ish haqi belgilandi. O‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimning jami ish yuklamasi 1,5 stavkadan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazgan shaxslar uchun kompensatsiya bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinishi eslatib o‘tildi.