O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning “Global Diplomatic Forum” tashkiloti asoschisi va rahbari Yunus el-Gazi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Muloqot chog‘ida Yunus el-Gazi tashkilotning shakllanishi va asosiy vazifalari haqida ma’lumot berib, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarni yuksak baholadi.
Suhbat yakunida tomonlar diplomatlar malakasini oshirish va ular uchun o‘quv dasturlarini birgalikda tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, “Global Diplomatic Forum – GDF” Londonda ta’sis etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyati diplomatlar, mutaxassislar va talabalar uchun davra suhbatlari, treninglar, diplomatik etiket va protokol bo‘yicha kurslarni tashkil etishga qaratilgan. Hozirgacha mazkur kurslarni 75 mamlakatdan kelgan ikki mingdan ortiq tinglovchi tamomlagan.