Qatar poytaxti Doha shahrida 15-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda arab-islom sammitida Shavkat Mirziyoyevning murojaati o‘qib eshittirildi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

Prezidentning bayonotida birodar Qatar xalqi va barcha musulmon mamlakatlari bilan mustahkam birdamlik ifoda etilib, Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan so‘nggi harbiy tajovuz qat’iy qoralandi.
O‘zbekiston o‘zining qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi:
- barcha mojarolar tinch yo‘l va diplomatiya yordamida hal qilinishi lozim;
- xalqaro hamjamiyat zo‘ravonlikni to‘xtatish va vaziyatning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishi zarur;
- BMT qarorlariga muvofiq Falastin xalqining mustaqil davlat tuzish bo‘yicha qonuniy huquqi hurmat qilinishi shart;
- O‘zbekiston jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, bu allaqachon mamlakatda falastinlik fuqarolarning bir guruhini qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali namoyon bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, favqulodda arab-islom sammiti 8-sentabr kuni Isroil tomonidan Qatar poytaxtiga yo‘llangan raketa zarbasini muhokama qilish maqsadida chaqirilgan. Baxtiyor Saidovning qayd etishicha, ushbu sammit mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida birlikni namoyish etish hamda samarali qo‘shma qarorlar ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.