O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi belgilandi. Bu Prezidentning tegishli farmonida qayd etilgan.

Ry

Farmonga ko‘ra, ro‘yxatga olish jarayonida “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari faol ishtirok etadi. Ular 2025-yil 15-dekabrdan boshlab 2026-yil 1-martga qadar jalb qilinib, planshetlar orqali ma’lumotlarni kiritadi. Ushbu jarayonni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Milliy statistika qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda tashkil etadi.

Shuningdek, 2026-yil 15–31-yanvar kunlari davlat organlari va tashkilotlari o‘z tizimidagi barcha xodimlarni census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Ta’lim vazirligi esa respublika bo‘yicha barcha oliy va kasbiy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlaydi.

Aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlari 2025-yil 1-noyabrdan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, IIV, DXX, TIV, SSV va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan boshlanadi.

Ro‘yxatga oluvchi sifatida jalb etiladigan “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari va boshqa xodimlar bir martalik rag‘batlantiriladi. Ularning ish haqi Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravari hisobida to‘lab beriladi.

Ro‘yxatga olish tadbirlarini muvofiqlashtirish uchun Respublika komissiyasi tuziladi. Milliy statistika qo‘mitasi ushbu komissiyaning ishchi organi etib belgilandi.