Hukumat qarori bilan prezident sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, 2026-yildan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida mazkur tanlov o‘tkaziladi. Tanlovda qatnashishni istagan maktablar har yili 1-yanvardan 1-fevralga qadar maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tadi va terma jamoa tarkibini shakllantiradi.
Har bir maktabdan faqat bitta jamoa ishtirok etishi mumkin. Jamoa 8–10-sinflarda tahsil olayotgan 5 nafar o‘quvchi hamda 1 nafar fizika fani o‘qituvchisidan iborat bo‘ladi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar tanlovga jalb etilmaydi.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul ishchi organ sifatida Fan olimpiadalari markazi belgilandi. Test va amaliy topshiriqlar markaz tomonidan ishlab chiqiladi.
Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi:
- tuman (shahar) bosqichi — har yili 1-aprelgacha;
- hududiy bosqich — har yili 1-iyulgacha;
- respublika bosqichi — har yili 1-oktyabrgacha.
G‘olib jamoalar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan jamoaga BHMning 600 baravari — 247,2 mln so‘m, 2-o‘ringa 185,4 mln so‘m, 3-o‘ringa esa 123,6 mln so‘m beriladi. Tuman va hududiy bosqichlarda ham mos ravishda 41,2 mln so‘mdan 123,6 mln so‘mgacha bo‘lgan mukofotlar nazarda tutilgan.
Tuman bosqichida maktablarning fizika ta’limi bo‘yicha ko‘rsatkichlari hamda o‘quvchilarning STEM fanlari bo‘yicha test natijalari baholanadi. Hududiy bosqichda jamoalar loyiha maketlarini taqdim etib, amaliy topshiriqlarni bajaradi. Respublika bosqichida esa ishtirokchilar muammoli masalalarga yechim taklif qiladi va amaliy ishlarni bajaradi.
Tanlov jarayonlarini nazorat qilish uchun auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi, kalkulyatordan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, tanlov davomida ishtirokchilarning qo‘shimcha manbalardan yoki sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishi taqiqlanadi. Qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda jamoa tanlovdan chetlashtiriladi va uning ishlari baholanmaydi.