2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘sish dinamikasini saqlab qolmoqda

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar-iyun oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) 807,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 foizga oshdi.  

Iste’mol narxlari indeksi 2024 yil dekabr oyiga nisbatan 104,2 foizni tashkil etdi. Bu esa narxlar o‘sish sur’atlarining sekinlashayotganini ko‘rsatadi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari segmentlarida narxlar o‘rtacha darajada o‘smoqda. Shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyaning asosiy drayveri bo‘lib qolmoqda va umumiy iste’mol narxlari darajasiga eng katta ta’sirni ko‘rsatmoqda.  

Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 5,5 foizga oshib, 273,4 trln. so‘mga yetdi. O‘tgan yil boshidagi yuqori o‘sish sur’atlariga nisbatan sekinlashganiga qaramasdan, investitsiya faolligi barqaror qolmoqda. Investitsiya manbalarida markazlashmagan mablag‘lar, jumladan korxonalar va aholi mablag‘lari, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ustunlik qilmoqda.  

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga (488,5 trillion so‘m), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 4,0 foizga (194,9 trillion so‘m), qurilish ishlari hajmi 10,7 foizga (137,6 trillion so‘m) o‘sdi.  

Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 13,3 foizga oshib, 458,2 trln. so‘mni tashkil etdi, chakana savdo aylanmasi esa 9,7 foizga o‘sib, 198,7 trln. so‘mga yetdi. Xizmatlar va savdo sohasida yuqori o‘sish sur’atlari aholi daromadlarining ortishi, raqamlashtirishning davom etishi, onlayn to‘lovlar va raqamli servislarga o‘tishning ortishi bilan izohlanadi. Bu esa xizmatlar sektorini yanada dinamik qilmoqda.  

Tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd. dollarga yetib, 16,1 foizga oshdi. Eksport 16,9 mlrd. dollarni (+29,1 foiz) tashkil etdi, import esa 7,0 foizga o‘sib, 20,1 mlrd. dollarga yetdi. Eksportning tezlashishi xizmatlar, xomashyo va energetika resurslari yetkazib berishning ortishi bilan bog‘liq.  

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida qayd etilganidek, 2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli tiklanish va tuzilmaviy barqarorlikni namoyon etmoqda. Faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosat, real sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda inflyatsiyaviy bosimning kamayishi ijobiy makroiqtisodiy dinamikani ta’minlamoqda.